Yangiliklar

TADBIRKORLARGA SOLIQ YANGILIKLARI TUSHUNTIRILDI

        Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Soliq info” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda kichik biznes subyektlari uchun soliq sohasida yaratilayotgan qulayliklarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazi mutaxassislari, korxona va tashkilotlar rahbar hamda buxgalterlari ishtirok etdi. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda soliq siyosatini erkinlashtirish, soliq ma’murchiligi ochiqligini ta’minlash, shuningdek, soliq tizimini takomillashtirish va soddalashtirish, soliq to‘lovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish, xususiy mulk, kichik biznes va tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida soliq yukining bosqichma-bosqich pasaytirilishi muhim omil bo‘lmoqda. Istiqlol yillarida soliq yuki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20 foizga pasaytirilib, O‘zbekiston qulay soliq muhiti mavjud mamlakatlar qatoridan joy oldi. 

Moliyaviy va soliq hisobotlarini tubdan qisqartirish, hisobotni taqdim etish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashning elektron tizimini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada soliq hisobotlari telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron ko‘rinishda taqdim etilmoqda. 

Seminar davomida ishtirokchilar my.soliq.uz – “Elektron soliq xizmatlari” yangi portalining imkoniyatlari va xizmatlari bilan tanishtirildi. 

Portalda soliq to‘lovchilar uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilgan. Portal orqali zarur axborotlarga ega bo‘lish bilan birga soliq va moliyaviy hisobot yoki murojaatlarni jo‘natish, soliqni hisoblab chiqarish, korxona xodimlari uchun mol-mulk yoki yer solig‘ini to‘lash, byudjet oldida soliq bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi to‘g‘risida va boshqa ma’lumotnomalarni olish mumkin. 

Portalda ishlovchi pensionerlarga pensiya, nafaqa va har oyda kompensatsiya to‘lovlari to‘lanishi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga elektron buyurtmani to‘ldirish va yuborish imkoniyati yaratilgan. 

Tadbirda ko‘p tarmoqli korxonalarda yagona soliq to‘lovini hisoblash va ushbu soliq turi bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash tartibi, muayyan faoliyat turlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni tatbiq etish mezonlari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash va ular bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. Ishtirokchilar savollariga mutaxassislar javob qaytardi. 

Ma'lumot manbai: uza.uz